Bolalar Ijodkorligi Ijodiy Birlaşmasi UPOP TREND milliy şou-tanlovi kastingi iştirokçilaridan nimalarni kutayotganini maʼlum qildi. Kutilmalar «Siz trenddasiz» va «Siz trendda emassiz» degan qisqa qoidalar şaklida bayon etilgan.
Birinçi qoida ijro haqida. Qöşiqni texnik jihatdan töğri, ammo hissiyotsiz kuylaş yetarli emas: kastingda betakror xarakterga ega bölgan va qöşiqning taʼsirçanligini tinglovçiga yetkaza oladigan ijroçilar kutiladi.
Milliylikni faqat anʼanaviy libos yoki taşqi köriniş bilan ifodalaş ham kamlik qiladi. Taşkilotçilar milliy ruhni öz uslubi, xarakteri va dunyoqaraşi orqali namoyon eta oladigan iştirokçilarni izlamoqda.
Milliy-madaniy merosga faqat ötmiş sifatida qaraş loyiha ruhiga mos kelmaydi. Ajdodlardan qolgan qadriyat va anʼanalarni yangi avlodga mos tarzda qayta talqin qila oliş esa UPOP TREND iştirokçisining asosiy fazilatlaridan biri hisoblanadi.
Nihoyat, xato qilişdan qörqiş va hakamlar qarşisida tortiniş ortda qolişi kerak. Kastingda tavakkal qilişga, tajribalar ötkazişga va sahnani «yondirişga» tayyor iştirokçilar kutilmoqda.
UPOP TREND milliy musiqiy meros, folklor sanʼati va anʼanaviy raqslarni zamonaviy musiqa, yuqori texnologiyalar va moda bilan birlaştiradigan şou-tanlovdir. Loyiha Bolalar Ijodkorligi Ijodiy Birlaşmasi tomonidan yölga qöyilmoqda.












