Bolalar Ijodkorligi Ijodiy Birlashmasi milliy musiqa merosini zamonaviy sahnaga olib chiqadigan yangi shou-tanlov — UPOP TREND loyihasini taqdim etdi. Loyiha qoʻllab-quvvatlandi.
Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat boʻyicha vakili Hasan Salihov, Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov hamda soha vakillari ishtirok etdi.
UPOP TREND milliy musiqiy meros, folklor sanʼati va anʼanaviy raqslarni zamonaviy jahon musiqasi, yuqori texnologiyalar va moda bilan birlashtiradi. Loyihaning maqsadi — milliy ohanglarning oʻziga xosligini saqlagan holda ularni bugungi oʻsmirlarning didiga yaqinlashtirish, ota-bobolar merosini yoshlar oʻzlari izlab tinglaydigan qoʻshiqlarga aylantirish.
Loyiha faqat musiqa bilan cheklanmaydi: sahna liboslari, raqslar, vizual yechimlar va sahna texnologiyalari ham milliy ruh bilan uygʻunlashadi. Tashkilotchilar UPOP TREND orqali milliy qadriyatlarni zamonaviy formatda xalqaro sahnaga olib chiqishni koʻzlamoqda.
Taqdimot yakunida loyiha qoʻllab-quvvatlandi, uni rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bolalar Ijodkorligi Ijodiy Birlashmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoni bilan tashkil etilgan.
«Endi navbat — gʻoyani sahnaga, milliy ohanglarni esa yangi avlod qalbiga olib chiqish.»













